Qori-Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot institutida global ekologik muammolar va ularni hal etish yo‘llariga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Xalq ta’limi vazirligi va Ekoharakat hamkorligida tashkil etilgan tadbirda deputatlar, olimlar, tadqiqotchilar, o‘qituvchilar, jurnalistlar ishtirok etdilar.

O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti direktori S.Turg‘unov, O‘zbekiston Ekologik harakati markaziy kengashi ijroiya qo‘mitasi raisining o‘rinbosari S.Sanginov va boshqalar Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda ekologik ta’limni rivojlantirish borasida izchil ishlarning amalga oshirilayotgani o‘z samarasini berayotganini ta’kidladi. Ekologik ta’limning ilg‘or pedagogika va axborot texnologiyalari asosida, umumiy o‘rta ta’lim maktablarida o‘qitiladigan fanlar bilan uyg‘un holda olib borilishi o‘quvchi-yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirishda muhim omil bo‘lmoqda.

Bu jarayonda ta’limning barcha bo‘g‘inlari, jumladan, maktablarda ijtimoiy va tabiiy fanlar mazmuniga ekologiyaning dolzarb masalalari va ularning yechimlarini tatbiq etish, maktabdan tashqari ta’lim muassasalarida tegishli to‘garaklar tashkil etish hamda ularga yoshlarni keng jalb etishga alohida e’tibor qaratilayotir.

– O‘quvchilarning ekologiyaga oid bilimini boyitish, yoshlarda tabiatga mehr-muhabbat tuyg‘usini shakllantirish milliy ta’lim tizimimizning muhim bo‘g‘inidir, – deydi poytaxtimizning Olmazor tumanidagi 28-maktabning kimyo fani o‘qituvchisi Saida Nizomova. – Ijtimoiy va tabiiy fanlarni o‘qitishda bu masalaga alohida e’tibor qaratyapmiz. Maktabimizda “Ekologiya va inson salomatligi”, “Qiziqarli kimyo” singari to‘garaklar faoliyat yuritmoqda.

Anjumanda yoshlarning ekologik madaniyatini yuksaltirish, uzluksiz ekologik ta’limni yo‘lga qo‘yish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini kuchaytirish, ekologik ta’limning huquqiy asoslari, ekologik xavfsizlikni ta’minlash, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yoshlarda ekologik dunyoqarashni shakllantirishda ta’lim tizimida amalga oshirilayotgan ishlar va galdagi vazifalarga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.

uza.uz