Toshkent islom universitetida Barkamol avlod yili munosabati bilan “Dunyoviylik va diniylik – yoshlar nigohida” mavzuida ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi. Unda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat targ‘ibot markazi, Inson huquqlarini himoya qilish milliy markazi hamda Imom Buxoriy xalqaro jamg‘armasi vakillari, poytaxtimizdagi bir qator oliy o‘quv yurtlari talabalari ishtirok etdi.

Anjumanda Toshkent islom universiteti rektori R.Abdullayev Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida sog‘lom va barkamol avlodni tarbiyalash, ularning ijodiy va intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarish, yoshlarni milliy va umumbashariy qadriyatlar ruhida kamol toptirish uchun barcha shart-sharoit yaratilayotganini alohida ta’kidladi.

Toshkent islom universitetida 500 nafardan ziyod talaba diniy, ijtimoiy-ma’rifiy sohalar bilan bir qatorda huquqshunoslik, xalqaro iqtisodiyot hamda zamonaviy informatsion texnologiyalar bo‘yicha ta’lim olmoqda. Yoshlarni Vatanimiz tarixi va milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash maqsadida izchil ishlar olib borilmoqda.

– Yurtimizda biz, yoshlar uchun zamonaviy bilim va ma’naviy qadriyatlarni uyg‘un egallab, barkamol inson va malakali kadr bo‘lib yetishishimiz uchun hamma imkoniyat mavjud, – deydi Toshkent islom universiteti magistranti Boburmirzo Ismoilov. – Globallashuv jarayonida diniy va dunyoviy tushunchalar uyg‘unligini to‘g‘ri anglash, yon-atrofdagi voqealarga hushyorlik bilan qarab, daxldorlik hissi bilan yashash – davr talabi.

Anjumanda fuqarolik jamiyatida yoshlarning o‘rni, milliy va zamonaviy qarashlar o‘rtasidagi uyg‘unlik, yoshlar salohiyatini yuksaltirish, globallashuv sharoitida axloqiy tarbiya, diniy ekstremizm va terrorizmning jamiyat taraqqiyotiga tahdidi, barkamol avlod tarbiyasida dunyoviy va diniy bilimning ahamiyatiga bag‘ishlangan ma’ruzalar tinglandi.