Namangan shahrining Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i hududidan qadimiy yerosti yo‘li topildi.

Prezidentimizning 2009 yil 6 avgustda qabul qilingan “Namangan shahrini 2009-2012 yillarda obodonlashtirish va ijtimoiy infratuzilmasini rivojlantirishga oid dasturi to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida bu yerda bugungi kun talabiga javob bermay qolgan binolar o‘rnida yangi, zamonaviy inshootlar bunyod etish, yo‘llar va ko‘chalarni kengaytirish, yangilarini qurish ishlari davom etmoqda. Jumladan, shahar markazidagi madaniyat va istirohat bog‘ini tubdan rekonstruksiya qilish borasida ham keng qamrovli ish olib borilmoqda.

Bog‘ hududidagi ko‘rimsiz binolarni buzish, maydonlarni tekislash va qazish ishlari chog‘ida noyob arxeologik yodgorlik – ikki yo‘nalish bo‘yicha yonma-yon ketgan, pishiq g‘ishtdan qurilgan yerosti yo‘li topildi.

– Bu qadimiy inshoot Namangan tarixining o‘qilmagan sahifalarini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi, deb o‘ylaymiz, – deydi Namangan davlat universiteti tadqiqotchisi Muhammadjon Xolmirzayev. – Hozircha uning tarixi, uzunligi haqida aniq bir xulosaga kelish qiyin. Faqat shuni aytish mumkinki, yerosti yo‘lining yon devori g‘ishtlari o‘n sakkizinchi asrga, arkiga ishlatilgan konussimon yapasqi g‘ishtlar esa o‘n oltinchi asrga taalluqlidir.

Mazkur arxeologik topilma Namangan shahri tarixini yoritishda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zA, A.Sattorov