Har bir jamiyatning iqtisodiy, ijtimoiy-ma’naviy taraqqiyotini ta’minlashda fan juda muhim o‘rin tutadi. Mamlakatimizda Prezidentimiz Islom Karimov tomonidan istiqlolning dastlabki yillaridan fundamental fanlarni rivojlantirish, bu boradagi ilmiy ishlar, loyihalarni amaliyotga samarali tatbiq etish uchun barcha shart-sharoitni yaratishga qaratilayotgan ulkan e’tibor ana shu ezgu maqsadga xizmat qilmoqda. Mamlakatimizda ilm-fanning barcha sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlar ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyot bilan bog‘liq holda hayotga izchillik bilan tatbiq etilayotgani yuksak samaralar berayotir. Bu, avvalo ilm-fan natijalarining jamiyatimiz ehtiyojlariga yo‘naltirilayotgani, olimlarimizning fundamental tadqiqotlari jahon hamjamiyati tomonidan yuksak e’tirof etilayotganida yorqin namoyon bo‘lmoqda. Ilm-fanga iqtidorli yoshlarni jalb qilish, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ilmiy izlanishga intiladigan, yangicha fikrlash qobiliyatiga ega yosh olimlarni tayyorlashning puxta o‘ylangan tizimi hayotga tatbiq etilayotgani bu ishlar samaradorligini yanada oshirish imkonini bermoqda.

XXI asr ilm-fani insoniyatga ko‘plab yuksak texnologiyalarni, kashfiyotlarni taqdim qilmokda. Xususan, keyingi yillarda ilmning barcha sohalari qatori biologiya fanida yuz berayotgan ulkan yangilanish va o‘zgarishlar tibbiyot, qishloq xo‘jaligi, ekologiyaga oid qator muammolarni samarali hal etish, zamonaviy innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish imkonini berdi. Eng muhimi, dunyo miqyosida qo‘lga kiritilayotgan bunday yutuqlarda o‘zbek olimlarining ham hissasi bor. Olimlarimizning dunyo laboratoriyalari darajasida amalga oshirayotgan tadqiqotlari tibbiyot va qishloq xo‘jaligiga samarali tatbiq etilayotgani, biotexnologiyalarning istiqbolli loyihalari buning yorqin tasdig‘idir.

Biologiya fanlaridagi bunday tezkor rivojlanish XXI asrning boshlariga kelib bir necha yuksak organizmlar genomlarining, ya’ni genetik material – DNKning chuqur o‘rganilishiga asos bo‘ldi. Buning natijasida fanda har qanday eukariotik (yadroli hujayra) genlarni klonlash, genlar injeneriyasi, nokauti, genlarni “almashtirib qo‘yish”, “asos hujayralar” yordamida organizmni o‘stirish, klonlash kabi kashfiyotlar dunyoga keldi. Bu esa o‘z navbatida zamonaviy yangi biotexnologiyalar va genomika kabi biologiya fanining yangi yo‘nalishlari paydo bo‘lishiga asos bo‘ldi. Inson hayoti, organizmi, o‘simliklar va tabiat bilan bog‘liq ko‘plab muammolar paydo bo‘lgan bugungi davrda biotexnologiyalar va genomika yutuqlari – yuqori darajadagi innovatsion texnologiyalar ularni hal etishning samarali yo‘llarini ochib bermoqda.

Istiqlol yillarida mamlakatimizda yangi biotexnologiyalar va genomikani dunyo fani darajasida rivojlantirish borasida ulkan ishlar amalga oshirildi. Xususan, mustaqilligimizning ilk yillarida Prezidentimiz Islom Karimov yurtimiz Fanlar akademiyasining gen injeneriyasi va biotexnologiya laboratoriyasiga tashrif buyurib, ilm-fan va iqtisodiyot real sektorining ustuvor vazifalari, jumladan resurslarni tejash, nanotexnologiyalarni yaratish, mamlakat hayoti, odamlar turmush-tarzini yuqori bosqichga ko‘taradigan, inson manfaatlarini ta’minlashga xizmat qiladigan ilmiy-tadqiqotlarni olib borish bo‘yicha qator dolzarb vazifalarni hal etishga e’tibor qaratgan edi.

Davlatimiz rahbarining ana shu ko‘rsatma va tavsiyalari sohani dunyo ilm-fani darajasida rivojlantirish hamda tadqiqotlarni maqsadli ravishda moliyalashtirish, O‘zbekistonda yangi biotexnologiyalar va genomika fanining rivojlanishida alohida ahamiyat kasb etmoqda.

Buning samarasi o‘laroq, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi institutidagi Genom texnologiyalar markazida qator fundamental natijalar qo‘lga kiritilmoqda. G‘o‘za genomikasi va biotexnologiyasini rivojlantirish, g‘o‘zaning qator serhosil, kasallik va zararkunandalarga chidamli navlarini yaratish bo‘yicha qo‘lga kiritilgan yutuqlar shular jumlasidandir.

Markazimizga jalb qilingan ko‘plab yosh kadrlar ushbu yo‘nalishda muhim yutuqlarni qo‘lga kiritdi. Dunyoning qator rivojlangan mamlakatlari biotexnologiya markazlarida malaka oshirib qaytgan biologiya fanlari nomzodlari Zabardast Bo‘riyev, Alisher Abdullayev, Shuhrat Shermatov, Faxriddin Kushanov kabi 25 nafardan ortiq yosh olim g‘o‘za genomini chuqur tadqiq qilish bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib bormoqda.

Yosh va ustoz olimlarning samarali faoliyati tufayli keyingi 10 yil davomida laboratoriyamizda dunyo fanida birinchi bo‘lib paxta tolasi sifatini oshiruvchi, g‘o‘zaning erta gullashi, turli stresslarga chidamliligini ta’minlovchi o‘nlab genlar ajratib olindi va klonlandi. Bir necha minglab molekular markerlar (DNK bo‘laklari) g‘o‘za genomidan klonlanib, murakkab agronomik belgilarni boshqaruvchi genlar bu markerlar yordamida kartalandi va g‘o‘zadagi an’anaviy seleksiyani o‘ta samarador zamonaviy genlarga yoki markerlarga asoslangan seleksiya (MAS) texnologiyasi bilan boyitishga erishildi. Olimlarimiz tomonidan bu genlarning faolligini genni “o‘chirib qo‘yish” orqali boshqarish texnologiyasi ishlab chiqilib, g‘o‘zada tola uzunligi va gullashga xalaqit beruvchi bir necha genlar funksiyasi to‘xtatilishiga erishildi hamda yuqori agronomik ko‘rsatkichli transgen g‘o‘za shakllari yaratildi.

Ushbu yo‘nalishdagi izchil sa’y-harakatlar tufayli mamlakatimizda noyob g‘o‘za genofondi chuqur molekular-genetik tahlildan o‘tkazildi va O‘zbekiston g‘o‘za seleksiyasining intellektual mulki va xalqimizning boyligi hisoblangan qator qimmatbaho g‘o‘za navlarining molekular-genetik pasportlari yaratildi.

Mamlakatimiz olimlarining bunday kashfiyotlari natijalari nufuzli xalqaro jurnallarda o‘nlab ilmiy maqolalar sifatida chop etildi hamda qator xalqaro anjumanlarda keng muhokama qilindi. Yirik xalqaro anjumanlarda tadqiqotchilarimiz ma’ruzalariga katta qiziqish bildirildi.

Bularning barchasi davlatimiz rahbari tomonidan olimlarimizga ustuvor ilmiy yo‘nalishlar belgilab berilgani, fan sohalariga malakali yosh kadrlarni jalb qilish, keng faoliyat olib borishini ta’minlash hamda tadqiqotlarni moliyalashtirishning samarali tizimi yaratilgani natijasidir.

Yurtboshimiz tashabbusi bilan fundamental va amaliy tadqiqotlar ilmiy-texnik dasturlarini hamda innovatsiya ishlarini amalga oshirishda ishtirok etayotgan ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy xodimlarining bazaviy mansab maoshlari miqdorining oshirilishi bu ezgu ishlarning amaldagi yana bir ifodasidir. Dunyoda moliyaviy-iqtisodiy inqiroz davom etayotgan murakkab sharoitda bunday tadbirning amalga oshirilishi mamlakatimizning buyuk kelajagi uchun ko‘rsatilayotgan g‘amxo‘rlikdir. Bu esa biz, yosh olimlar zimmasiga ilm-fanni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarish mas’uliyatini yuklaydi hamda barcha imkoniyatlarni ishga solib, yanada shijoat bilan ishlashga undaydi.

Ibrohim Abdurahmonov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Genetika va o‘simliklar eksperimental biologiyasi instituti Genom texnologiyalar markazi yetakchi ilmiy xodimi, biologiya fanlari doktori