Poytaxtimizda umumiy va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’limi jarayonida fanlararo uzviylikni ta’minlash masalalariga bag‘ishlangan respublika ilmiy-amaliy konferensiyasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi va Qori Niyoziy nomidagi O‘zbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti hamkorligida tashkil etilgan ushbu anjumanda ta’lim tizimi rahbarlari, ilg‘or o‘qituvchilar, uslubchilar ishtirok etdi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida yoshlarni zamonaviy bilim va tafakkurga, o‘z mustaqil fikriga ega bo‘lgan, ma’naviy yuksak, komil insonlar etib tarbiyalash, ularni jamiyatimizda mustahkam va munosib o‘rin olishi yo‘lida keng sharoit yaratish yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar o‘zining yuksak samaralarini bermoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilinib, hayotga tatbiq etilayotgan «Ta’lim to‘g‘risida»gi qonun, Kadrlar tayyorlash milliy dasturi kabi hujjatlar yosh avlodga bilim berish jarayonini yangi, yanada yuqori bosqichga olib chiqishda muhim omil bo‘lmoqda.

Ta’lim sohasida olib borilayotgan islohotlar uzviyligi, uzluksizligi, bosqichma-bosqichligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu jarayon umumiy o‘rta ta’lim maktabidan so‘ng o‘quvchilar o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi bilan to‘la qamrab olinishida namoyon bo‘lmoqda. Umumiy o‘rta ta’lim maktabida puxta bilim olgan o‘quvchilar kasb-hunar kollejlari, akademik litseylarda o‘z bilim va ko‘nikmasini mustahkamlash, boyitish, qiziqishi va layoqati bo‘yicha kasb egallash imkoniga ega. O‘quvchilarning malakali mutaxassis bo‘lib yetishishida olgan bilimining nechog‘li chuqurligi, mukammalligi muhim o‘rin tutadi. Bu esa ma’rifiy tizimdagi har bir bo‘g‘inning bir-biri bilan o‘zaro uyg‘unligi, fanlararo uzviylik ta’minlangani kabi omillarga bevosita bog‘liqdir.

Anjumanda ta’lim va ilmiy pedagogik tadqiqotlarning o‘zaro ijobiy ta’sirini kuchaytirish, bilim berish jarayoni uzviyligini ta’minlashda pedagogik, axborot texnologiyalaridan foydalanish, o‘quvchilarni ijtimoiy himoyalashda uzviylik va uzluksizlik kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi va muhokama etildi.

 Manba O’zA